Yomg‘ir pastqam derazamga ohangsiz do‘mbira urardi. Derazaning narigi tarafida esa men bor edim—ichkarida, lekin o‘zimni tashqaridek his qilib. Uzoq tikilib turib, o‘z aksimni payqadim. Xuddi bir narsa aytmoqchi bo‘lgandek ko‘zlarini menga qadagan bola.
Bu bola men edim. Yoki hech bo‘lmasa, bir paytlar edim. U hozir ham shu yerda edi, lekin uning ko‘zlarida eski o‘t yo‘q edi.
Qachon yo‘qoldim men?
O‘zimdan so‘ray boshladim. O‘sha eski “men” qachon, qayerda ko‘chada qolib ketdi? Yoki u hech qachon yo‘qolmadi, faqat o‘zini men deb tanishtirgan begona bir qiyofa bo‘lib qoldimi?
Besh yoshligimda, xonamizning o‘rtasiga o‘tirib, qog‘oz va rangli qalamlarimni yoyib rasm chizardim. Qaychi bilan qog‘ozlarni kesib, o‘zimga butun boshli dunyo yaratardim. Lekin keyinroq, o‘sha dunyo menga torlik qilganday bo‘ldi. Bolaligimning chetlari qirqila-qirqila, uni kattalar shakllantirdi. Bo‘sh vaqt yo‘q! Faqat o‘qish kerak! Faqat oldinga yur!
Va men yuraverdim.
Kitoblar. Misollar. Testlar. Hisob-kitoblar. Har bir to‘g‘ri javob — men uchun baho emas, hayot yo‘lining g‘ishtlaridan biri edi. “Yuqoriga chiqishing kerak.” Lekin men qanday qilib yuqoriga chiqayotganimni unutib qo‘ydim. Faqat chiqishning o‘zi maqsadga aylandi.
Orada ba’zan, tunda, derazaga tikilardim. Balki o‘sha paytda eski “men” har doim shu yerdadir. Ko‘zgu ortidan qarab turib, so‘rardi: Nima qilyapsan? O‘zingni topdingmi?
Bir kuni u meni tark etdi. Bilaman, qachon.
O‘sha kuni o‘zimga shuncha mehnatim befoyda ketdi deb o‘ylagandim. Hamma kutgan natijani bera olmadim. O‘sha kecha derazaga qaradim. Ko‘zgu orqasidagi bola yo‘q edi.
O‘sha kundan keyin o‘zimga boshqa savollar bera boshladim: Men shunchaki natijalarning yig‘indisimanmi? Yoki men o‘z yo‘limni yaratadigan odammi?
Endi ko‘zgu oldida turib, yana o‘zim bilan uchrashaman. Bir kun avvalgi Islomjon va bugungi Islomjon. Ikkalamiz bir-birimizni tanishga harakat qilamiz.
Hali javobni topmadim. Lekin hech bo‘lmasa, endi savolni to‘g‘ri berishni o‘rganayapman.